Boshqarma tomonidan 2021 yil yanvar-noyabr oylari davomida amalga oshirilgan ishlar toʼgʼrisida ma`lumot.

Yakunlanayotgan 2021 yil transport sohasini yanada rivojlantirish, aholiga sifatli transport xizmati koʼrsatish hamda jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Sohani tartibga solish uchun qator normativ hujjatlar qabul qilindi, mavjud hujjatlarga oʼzgartirishlar kiritildi. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining 2021 yil 09 avgustda “Transport toʼgʼrisida”gi OʼRQ-706 Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Bundan tashqari yoʼnalishsiz taksilarda qulay xizmat koʼrsatish va ushbu sohani yanada soddalashtirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yoʼlovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5108-son qarori, jamoat transportlarida yoʼlovchi tashish xizmatlari koʼrsatayotgan korxonalar faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 08 oktyabrdagi "Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi 630-sonli qarorlari qabul qilinishi sohani rivojlantirish uchun muhim omil boʼlib xizmat qilmoqda. Birgina yoʼlovchi tashish sohasiga nazar tashlaydigan boʼlsak Hozirda viloyatda jami 265 ta yoʼlovchi tashish yoʼnalishlari mavjud boʼlib (shundan 98 ta avtobus va 167 ta yoʼnalishli taksi yoʼnalishlari), ushbu yoʼnalishlarda jami 538 ta avtobus, 117 ta mikroavtobus, 1663 ta Damas rusumli avtotransport vositalari aholiga transport xizmatini koʼrsatib kelmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 08 oktyabrdagi "Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi 630-sonli qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-2026 yillar davomida 550 ta zamonaviy avtobus va 150 ta mikroavtobus xarid qilish, birgina 2022 yilda tadbirkorlar mablagʼlari va bank kreditlari hisobidan yoʼlovchi tashish uchun 100 ta avtobus va 30 mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2020 yil 2 noyabr kuni "Hududlarda jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari”ga bagʼishlab oʼtkazilgan 96-sonli videoselektor yigʼilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, 2021 yilda viloyatning jamoat transporti yetib bormagan 38 ta MFY hududlari yangi tashkil 23 ta yoʼlovchi tashish yoʼnalishi hisobiga jamoat transporti bilan toʼliq qamrab olindi. Hozirda ushbu yoʼnalishlar xaritasini masʼul tashkilotlar bilan kelishish ishlari olib borilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 08 oktyabrdagi "Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi 630-sonli qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, 2022-2026 yillar davomida jami 45 ta, 2022 yilning oʼzida 10 ta yangi yoʼlovchi tashish yoʼnalishi tashkil etiladi.
Yoʼlovchilarga koʼrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, viloyatda ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida “Sharq bosh bekati orqali 7-Pir ziyoratgohlari” mavsumiy yoʼnalishi hamda “Buxoro-Qarshi” yoʼnalishlari ochilib, ushbu yoʼnalishda yangi mikroavtobuslar qatnovi yoʼlga qoʼyildi. 2022 yil oxiriga qadar ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Buxoro-Xorazm” va “Buxoro-Fargʼona” avtobus yoʼnalishlarini ochib, qatnovlarni yoʼlga qoʼyish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda viloyatda Buxoro va Kogon shahrida hamda Qorakoʼl, Vobkent va Gʼijduvon tumanlarida avtostantsiyalar faoliyat koʼrsatib kelmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2021 yilda “Quruvchi Qoʼngʼirot” MChJ tomonidan Vobkent tumanida yangi, zamonaviy avtostantsiya qurilib, yoʼlovchilar ixtiyoriga topshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 11 mlrd soʼmni tashkil etdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21-22 yanvarь kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida hozirgi kunda Olot tumanida avtotransport vositalarining oxirgi toʼxtash bekati qurish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Yil oxiriga qadar oxirgi toʼxtash bekati qurilish ishlari toʼliq yakunlanib, yoʼlovchilar ixtiyoriga topshiriladi.
Bugungi kunda davlat-xususiy sherikchilik asosida Buxoro shahrida Toʼqimachi va Madaniyat bosh bekatlarini qurish ishlari olib borilmoqda. 2022 yilda davlat-xuxusiy sherikchilik asosida Buxoro tumanida yangi avtostantsiya qurish rejalashtirilgan.
2021 yil davomida jami 44 ta, shundan oraliq bekatlar qurib foydalanishga topshirildi. Shundan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-5048-son qarori asosida 21 ta va tadbirkorlar tomonidan 23 ta oraliq bekatlar qurib foydalanishga topshirildi.
2021 yil 1 noyabr holatida noqonuniy yoʼlovchi va yuk tashish faoliyatiga chek qoʼyish maqsadida boshqarmaning inespektorlari tomonidan jami 483 marotoba reyd tadbirlari oʼtkazilgan. Tadbirlar davomida 2411 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan. Maʼmuriy sudlar tomonidan 468.57 mln soʼm miqdorda jarimalar qoʼllanildi, olib borilgan tushuntirish tadbirlaridan soʼng shu davrda 1912 ta haydovchi faoliyati qonuniylashtirilib, litsenziya varaqalari bilan taʼminlandi hamda 1912 ta yangi ish oʼrni yaratildi. Shu bilan birga faoliyati qonuniylashtirilgan avtotransport vositalari uchun litsenziya varaqalari rasmiylashtirishda 373.09 mln soʼm davlat boji undirildi.
2021 yil 1 noyabr holatida yuk va yoʼlovchi tashish faoliyatini litsenziyalash sohasida boshqarma tomonidan litsenziatlarga jami 569 dona litsenziya (shundan 459 dona yuridik, 110 dona jismoniy shaxslarga) va 13973 ta litsenziya varaqalari (13862 dona yuridik, 111 dona jismoniy shaxslarga) rasmiylashtirib berildi. Rasmiylashtirilgan litsenziyalar uchun 2668303594,13 ming soʼm davlat boji, 796012350 ming soʼm arizani koʼrib chiqish uchun yigʼim undirildi.