Qadring baland bo‘lsin, ona tilim

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.
1989 yilning 21 oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash boʼyicha “Davlat tili toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilinib, unga koʼra Oʼzbek tiliga - Davlat tili maqomi berildi.
“Oʼzbek tili bayrami kunini belgilash toʼgʼrisida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining (OʼRQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi Oʼzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʼlishi va mazkur sana joriy yilda ilk marta “Oʼzbek tili bayrami” sifatida nishonlanishi munosabati bilan butun Respublika miqyosida qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 20 oktyabr kuni Buxoro viloyati transport boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Qadring baland boʼlsin-Ona tilim” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.
Davra suhbatida oʼzbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib oʼtilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart – sharoitlar hamda davlat tilini yangi pogʼonaga olib chiqish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar alohida eʼtirof etildi. Tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz boʼlib qolishiga eʼtibor qaratildi. Oʼzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda oʼz hissamizni qoʼshishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi to`g`risida jamoat transportlari haydovchilari bilan ham targ`ibot tadbirlari o`tkazildi.